"O'rganilayotgan til nazariy aspektlari" (Leksikologiya) fani talabalarga hozirgi zamon ingliz tili leksikasining rivojlanish qonuniyatlarini ochishga, ularda shu fan bo'yicha ko'nikma va malakalarni shakllantirishdan iborat. Fan bo'yicha talabalarning tasavvur, bilim, ko'nikma va malakalarga qo'yiladigan talablarga mos tayyorlangan ushbu o'quv qo'llanma Filologiya va tillarni o'qitish (ingliz tili) va Xorijiy til va adabiyoti (ingliz) ta'lim yo'nalishlari III kurs talabalariga mo'ljallangan bo'lib, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan namunaviy fan dasturiga mos keladi. Qo'llanmada mavzularning qisqacha mazmuni bayon qilinib, talabalar bilimini mustahkamlash uchun mashqlar berilgan, shuningdek, test topshiriqlari, mustaqil ta'lim mavzulari, tayanch iboralar, mavzuga oid slaydlar va glossariy o'rin olgan. Ushbu qo'llanmani dars jarayoniga tadbiq etish bilan undan mashg'ulotlarda keng foydalanish mumkin.